Taqriz jarayoni — EduTech Insight

Taqriz jarayoni

Jurnalga kelgan har bir qo‘lyozma nashr etilishidan oldin tahririy baholashdan va mutaxassis taqrizidan o‘tadi. Taqrizni tashkil etish Ta’sis shartnomasiga muvofiq Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti zimmasiga yuklangan.

Bosqichlar

  1. Tahririy dastlabki ko‘rik. Mas’ul kotib qo‘lyozmaning jurnal yo‘nalishiga mosligini, rasmiylashtirish talablariga rioya etilganini va matnning to‘liqligini tekshiradi. Talablarga javob bermagan qo‘lyozma taqrizga yuborilmasdan muallifga qaytariladi.
  2. Originallikni tekshirish. Matn originallik siyosatiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
  3. Mutaxassis taqrizi. Qo‘lyozma tegishli soha bo‘yicha ilmiy darajaga ega taqrizchiga yuboriladi. Taqriz bir tomonlama yopiq (single-blind) tartibda o‘tkaziladi: taqrizchi muallifni biladi, muallif taqrizchining kim ekanini bilmaydi.
  4. Qaror. Taqriz xulosasi asosida bosh muharrir to‘rt qarordan birini qabul qiladi: qabul qilish; kichik tuzatishlar bilan qabul qilish; jiddiy qayta ishlash talabi; rad etish.
  5. Qayta ko‘rib chiqish. Qayta ishlangan matn zarur bo‘lsa o‘sha taqrizchiga qaytariladi.

Baholash mezonlari

  • mavzuning dolzarbligi va jurnal yo‘nalishiga mosligi;
  • ilmiy yangilik va olingan natijaning asoslanganligi;
  • metodikaning to‘g‘riligi va bayonning tekshiriluvchanligi;
  • adabiyotlar sharhining yetarliligi va havolalarning to‘g‘riligi;
  • matn tuzilishi va ilmiy uslubga rioya.

Avtomatlashtirilgan yordamchi vositalar

Tahririyat qo‘lyozmalarni dastlabki ko‘rikdan o‘tkazishda texnik yordamchi vositalardan — jumladan matnni rasmiy talablarga moslikni tekshiruvchi dasturlardan — foydalanadi. Bunday tekshiruvlar taqriz hisoblanmaydi va taqriz o‘rnini bosmaydi. Nashr to‘g‘risidagi qaror faqat mutaxassis taqrizi va tahririyat xulosasi asosida qabul qilinadi.

Taqrizchilar uchun

Taqrizchi qo‘lyozmani maxfiy hujjat sifatida ko‘radi, uni uchinchi shaxslarga bermaydi va undagi ma’lumotlardan shaxsiy manfaatda foydalanmaydi. Manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lsa, taqrizchi bu haqda tahririyatni darhol xabardor qiladi va taqrizdan bosh tortadi. Qarang: Manfaatlar to‘qnashuvi siyosati.